среда, 30 марта 2022 г.

 

Maktab kutubxonalari roli qanday oshiriladi?


Ta’lim olishda eng muhim manba kitobdir. Afsuski, bugungi kunda maktab kutubxona tizimi eskirgan va muhimlilik darajasi ancha pasaygan. Texnologiyalar asrida maktab kutubxonalari ahamiyatini oshirish uchun qanday funksiyalardan foydalanish ko‘proq samara beradi?

Bugungi taraqqiy etgan davrda biror sohaga oid ma’lumot topish uchun alohida kutubxonaga borib, bir necha kitoblar ichidan kerakli ma’lumotni soatlab qidirish shart emas, uni internet orqali oson topish mumkin. Ammo dunyo miqyosida uyda internetdan foydalanish imkoni mavjud bo‘lmagan o‘quvchilar ko‘plab topiladi. Ular uchun kutubxona o‘z aha­miyatini yo‘qotmagan. Boshqa tomondan olib qaraganda, internetdagi axborot oqimi tobora ko‘paymoqda Bugun o‘quvchilar­ning muammosi manba topish emas, balki manbalarni to‘g‘ri va noto‘g‘ri yoki foydali va foydasizga ajratishdir. Ayni shunday vaziyatda kutubxona xizmatiga ehtiyoj har doimgidan-da ko‘proq seziladi. Avvallari chop etilayotgan kitoblar kutubxona mutaxassislari tomonidan tavsiya qilinar, lozim topilmasa, taqiqlab qo‘yilardi. Shu sababli mutolaa qilish mumkin bo‘lgan kitoblarni tanlash qiyinchilik tug‘dirmagan. Ammo internetda bu usulni qo‘llash oson bo‘lmaydi, albatta. Ayrim vebsahifalarni bloklash orqali faoliyatini to‘xtatish mumkin. Lekin ularning soni juda katta tezlik bilan ko‘paymoqda. Kutubxonachilarning vazifasi esa o‘quvchilarga axborot ummonidan qanday qilib to‘g‘ri ma’lumotni olish va axborot manbayi qiymatini baholashni o‘rgatishdir.

O‘quvchilar axborot almashinuvi qan­day jadallashayotganligini ko‘rib, his qilishi uchun kutubxona xodimlari tomonidan yordam olishi mumkin. Bu uch bosqichda amalga oshiriladi:

Birinchisi, ishonchli va foydali axborotga ega bo‘lish. Bu bosqichda o‘quvchilar kutubxonachi yordamida muayyan sohaga doir ishonchli ma’lumot topadilar.

Ikkinchisi, topilgan ishonchli ma’lumot asosida turli ko‘rinishdagi badiiy materiallar tayyorlash. Bunda o‘quvchilar o‘zlari to‘plagan ma’lumotlarni jamlab, o‘quv qo‘llanma, videodarslik, kichik kitoblar tayyorlashi mumkin. Kutubxo-naning asosiy vazifasi esa ularga yo‘l ko‘rsatish va sharoit yaratish, ya’ni kutub­xonada ovoz yozish studiyalari, amaliyot hamda namoyish xonalarini tashkil qilib berish va ularni kerakli jihozlar, kompyu­ter, mikrofon, kameralar bilan ta’minlashdan iborat.

Uchinchisi, tayyor bo‘lgan badiiy materiallarni kutubxona vebsahifalarida e’lon qilish yoki chop etish. Bu bosqichda o‘quvchilar tayyorlagan materiallarni chop ettirishda kutubxona xodimlari yaqindan yordam berishlari maqsadga muvofiq.

Ushbu tizimga moslashtirilgan zamo­naviy kutubxonalar hozir dunyoning ko‘pgina maktablarida mavjud. Kutub­xonalarni bunday tartibda tashkil qilish, avvalo, yosh avlodning chuqur bilim olishiga yordam beradi hamda kutubxonalar va kutubxonachilar uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochadi. Va nihoyat, kelajakdagi ta’lim jarayonida kutubxonalar rolini oshirishga xizmat qiladi.


суббота, 12 марта 2022 г.

 

КЕЛАЖАКДА КУТУБХОНАНИ ҚАНДАЙ

ТАСАВВУР ҚИЛАСИЗ?

Келажакда кутубхонани қандай тасаввур қиласиз? Бу саволни барча китобхон ўз-ўзига бериб кўрган бўлса керак. Бу ҳақда узоқ вақт ўйлаш мумкин. Келажакда ҳамма нарса электрон бўлиб қолади. Чунки соҳага янги ахборот технологияларининг кириб келиши шундан дарак бермоқда. Лекин  ички бир туйғу билан ҳаммаси ҳозиргидек қолишини истаймиз. Биз учун таниш ва аслидагидек. Китоб жавонлари, стол, стуллар, ўқув заллари ҳеч бўлмаганда безак сифатида қолишини хоҳлаймиз. Биз келажакга интилиб,  глобаллашув жараёнлари жадаллик билан кетаётган, атрофимиз рақамлар-у электрон маълумотлардан иборат рақамли дунёда яшаяпмиз. Лекин сиз кутубхонага келсангиз худдики ўтмишга келиб қолгандек ҳис қиласиз ўзингизни. Кутубхоналарнинг аслидагидек қолиши нима учун керак. Бу биз учун жуда ҳам зарурми деб ҳам ўйлаб қоласан киши.

Ҳаммамизда китобга алоҳида меҳр бор бор. Барча севган нарсаларимиз каби китобни ҳам аслидек қолиши учун ҳимоя қилишимиз керак деб ўйлайман.

Бугун сиз китобни қўлингизда ушлаб турибсиз, эртага эса у электрон бўлади. Сиз уни қўлингизда ушлаб тура олмайсиз. Энди у китоб эмас фақат маълумотдир. Бизнинг давримизда китоб ўзининг ранги ва вазнига, тарихи ҳатто ҳидига эга қимматбаҳо ҳамда қадрли нарсадир! Келажакда китоблар электрон шаклга айлантирилгандан кейин маълумот сифатида аҳамияти бироз пасайиб кетадигандек туюлмоқда.

Китоблар бор ажойиб, чиройли, ранг-баранг уни варақлаб туриб мутолаа қилганизда сиз ажойиб дунёда яшайсиз. Сиз қаҳрамонлар билан бирга яшайсиз. Бу ҳисни бизга китоблар беради.  Агар китоблар мавжуд бўлмаса кутубхоналар ҳам ўз-ўзидан йўқ бўлади. Биз электрон муҳитда қолиб кетамиз.

Келажакда фарзандларимиз ва набираларимиз китобга меҳр қўйишлари учун кутубхоналар ижодкорликнинг сеҳрли ва қувончли жойи сифатида ўтмишдаги энг муҳим сифатини сақлаб қолиши керак...

 

Улуғбек  Ёдгор

                        YOZUVCHISI YO‘Q O‘ZBEK BOLALAR ADABIYOTI   Qiziqarli kitoblarsiz haqiqiy bolalikni tasavvur qilishning iloji yo‘q. B...