YOZUVCHISI YO‘Q O‘ZBEK BOLALAR ADABIYOTI
Qiziqarli kitoblarsiz haqiqiy bolalikni tasavvur
qilishning iloji yo‘q. Bugun yaratilayotgan kitoblar mazmuni qanchalik yetuk,
bolalarimiz uchun davriy nashrlar yetarlimi? Hozirgi kunda jamiyatning tezkor rivojlanishi
natijasida biz kitoblardagi kamchiliklarni ko‘rmaymiz. Har qanday kitob
do‘koniga borib, yuzlab kitob javonlarida taxlangan, turli adabiy janrlarga oid
kitoblarni ko‘rishimiz mumkin. Afsuski, tanlovimiz uchun taqdim etilgan
shuncha kitobga qaramasdan, bolalar adabiyoti deyarli yo‘qolib borayotganini
hammamiz ham sezmaymiz.
Bolalar adabiyoti, eng avvalo, bolalarning ma’naviy,
intellektual va estetik taraqqiyotiga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak. Adabiyot
bolaning aql-idrokini va tasavvurlarini oziqlantirib, unga dunyoning go‘zal
ufqlarini ochib beradigan, shaxsning ruhiy rivojlanishini ta’minlaydigan kuchli
vosita hisoblanadi. Bolalarning kitob olamiga kirishi, birinchi navbatda, ular
uchun yaratilgan adabiyotlar orqali amalga oshiriladi. Kitob do‘konlari bugungi
kunda yosh o‘quvchilarga qanday adabiyotlarni taklif qilishi mumkin?
Albatta, bolalar uchun kitoblar bor. Ko‘pi chet el
adabiyotidan tarjimalar va chiroyli muqovalarda nashr etilgan. Bunday ajoyib
muqovaning orqasida nima yashiringan? Bu kitoblarning mazmuni qanday? Bu borada
ko‘p tortishuvlar va qarama-qarshi fikrlar mavjud. Ammo haqiqat shuki, chiroyli
ko‘rinishiga qaramay, bu kitoblarning aksariyati mazmunan zo‘ravonlik va zulm
bilan to‘yingan.
Umuman, bolalarga aql-idrokli, mehribon bo‘lish,
yaxshilik qilishni o‘rgatadigan ertaklar, hikoyalar kerak. Bolalar adabiyotining
asosiy vazifasi — tarbiyalash. Zo‘ravonlik g‘oyalari singdirilgan kitoblar
bolaning tarbiyasiga, dunyoqarashiga salbiy ta’sir qiladi. Hammasi oddiy
bo‘lishi kerak. 3–6 yoshli bolalar uchun yozilgan ijod namunalarida oddiy g‘oya
bo‘lishi, yaxshi va yomonni solishtirishni o‘rgatishi lozim. Bu —
tarbiyalashning mumtoz ko‘rinishi. Bu masala bo‘yicha bolalar yozuvchilari o‘z
ishlarini qaytadan boshlash haqida o‘ylashlari kerak. Biroq bizda bolalar uchun
ijod qiladigan yozuvchilarimiz yo‘q.
Bugungi kunda o‘n mingdan ortiq umumta’lim maktablarida
millionlab bolalar o‘qimoqda. 6–7 million bola uchun bir-ikkita bolalar
yozuvchisi kam emasmi? Agar chuqurroq o‘ylasak, ayni damda adabiyotimizdagi eng
og‘riqli nuqta — bolalar adabiyoti. Ayni kitoblar olamiga kiradigan, kitobga
qiziqish uyg‘onadigan yoshda ularning adabiyotsiz qolib ketishi fojia bilan
barobar. Salkam chorak asrdan buyon davom etib kelayotgan bu jarayonda butun
boshli bir avlodni yo‘qotganimizni sezmadik.
Jahon adabiyotidan “o‘girma”larni ham mukammal tarjima
deb bo‘lmaydi. Adabiyotda shunday tushuncha borki, asarni tarjima qilish, uni
yozishdan ko‘ra ko‘proq kuch talab qiladi. Tarjimon bilimi va qarashi bilan
asar mazmunini boshqa tomonga o‘zgartirib yuborishi mumkin. Ayniqsa, adabiy
tarjima bolalar adabiyotida alohida o‘rin tutishi kerak. Afsuski, keyingi
paytda chet el adabiyotidan tarjima qilinayotgan asarlar mazmuni bahsli bo‘lib
qolmoqda.
So‘nggi o‘n yil ichida o‘zbek bolalar adabiyotida
zamonaviy bolaning qiziqishlarini ochib beradigan, uning qahramonliklarini
ko‘rsatadigan mashhur va qahramon bola obrazi yaratilmadi. Bugungi avlod necha
yillardan buyon chet el adabiyotidagi asar qahramonlarini o‘zlari uchun
zamonaviy qahramon sifatida kashf etib kelmoqdalar. Achinarlisi, bolalarimiz
miyasi, ongida o‘rnashgan bu qarashlarni hech qachon o‘zgartira olmaymiz.
Xohlagan vaqtda tarbiyasidan adashtirishi mumkin. Kattalar uchun yozilgan
kitobda yo‘l qo‘yilgan xatoni tuzatish mumkin, lekin bolalar uchun yozilgan
kitobda ketgan xatoni tuzatib bo‘lmaydi.
Bolalar uchun yozish oson emas. Ular hech qachon
taxmin qilinadigan kitobni o‘qimaydi. Bolalarni “loyiha”, “mahsulot” sifatida
yaratilgan asarlar qiziqtirmaydi. Ularni sirlar, yaxshi yaratilgan qahramonning
oldindan aytib bo‘lmaydigan hatti-harakatlari qiziqtiradi. O‘smirlarimiz uchun
roman, she’riy kitoblar yo‘qligi ham adabiyotimizdagi yana bir nuqson. Ularning
xarakteri shakllanishida yordam beradigan, ma’naviy kashfiyotlarga undaydigan
asarlar yo‘q. Ko‘plab shoirlarimizning minglab nusxada kitoblari chop etilsada,
o‘n ikki-o‘n to‘rt yoshli bolalarimizning qalbini hayratga soladigan she’riy
kitoblar yo‘q. Bugungi kunda bolalar uchun qiziqarli va yaxshi kitob yaratish
yozilmagan mavzular haqida ijod qilish demakdir. Shu sababli allaqachon
yoritilgan mavzularda ijod qilish yoki shunchaki bor asarni yana qayta tarjima
qilib nimagadir erishish nodonlik. Bolalar faqat zavq bilan yozilgan ijod
namunalarini yaxshi ko‘radi.
Bolalar yozuvchisi bo‘lish mushkul. Buning uchun
bolaqalb, bolafe’l, bolatabiat bo‘lish kerak. Ayniqsa, eng kichik yoshdagi
bolakayga moslab she’r yozib ko‘ringchi, uning dilini topingchi, tilini
toping-chi…
Odam jismonan baquvvat, bilimli, har ishda chaqqon,
epchil bo‘lishi mumkin. Ammo oqko‘ngil, iymon-e’tiqodli, insonparvar,
yurtparvar bo‘lmasa, hayotda o‘zidan yaxshi nom, yaxshi iz qoldirolmaydi.
Adabiyot va san’at bolaning ana shunday go‘zal tuyg‘ular, fazilatlar sohibi
bo‘lib shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bolalar adabiyoti muammolari orasida alohida mavzu —
bu bolalarni kattalar dunyosiga asta-sekin va og‘riqlarsiz olib kirish
vazifasidir. Ta’kidlanganidek, bolalar adabiyotidagi “kambag‘allik” sabab bu
jarayon amalga oshmayapti. Adabiyot bolalarning ko‘plab qobiliyatini rivojlantiradi:
izlanish, tushunish, tasavvur qilishga o‘rgatadi. Yoshiga mos adabiyotlarni
mutolaa qilish orqali ijtimoiy hodisalarni anglab katta hayotga
bosqichma-bosqich moslashib boradi.
Ajablanarlisi, zamonaviy noshirlar eski asarlarni qayta
nashr etishni afzal ko‘rmoqda. Bolalarbop yangi kitoblarni yozish esa
muammoligicha qolmoqda. Bugungi kunda bolalar uchun yagona mutolaa manbayi —
kutubxona. Biroq kutubxonlardagi kitoblarga e’tibor bersak, ularning ham ko‘pi
qayta nashr yoki she’riy to‘plamlar.
Bolalar adabiyotining hozirgi holatiga ko‘z yumish —
farzandlarimiz hayotining muhim qismlarini yo‘q qilish bilan barobar, befarqlik
esa yoshlar tafakkuridagi ma’naviy bo‘shliqqa sabab bo‘ladi.
